TIZIM HAQIDA

Yadro fizikasi fanini o‘qitishga mo‘ljallangan ushbu elektron o`qitish tizimi 2022-yilda Navoiy davlat pedagogika instituti “Fizika va astronomiya” kafedrasida “Atom, yadro va elementar zarralar fizikasi” fanini o‘qitish samaradorligini oshirish metodikasini takomillashtirishga kompleks yondashuvning uzviy komponenti sifatida yaratildi. Ushbu elektron o`qitish tizimi bo‘lajak fizika o‘qituvchilarini tayyorlashda “Atom, yadro va elementar zarralar fizikasi” fani bo‘yicha nazariy, amaliy, laboratoriya mashg‘ulotlari hamda mustaqil ta’limni yuqori saviyada tashkil etish, turli vaziyatlarda mashg‘ulotlarni online rejimida o‘rganish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Elektron o`qitish tizimida dars mashg‘ulotlaridan tashqari ta’lim sifatining ijobiy dinamikasiga olib keluvchi qo‘shimcha materiallar ham kiritilgan. Bular jumlasiga yadro fizikasi sohasida xizmat qilgan buyuk olimlar hayoti va ilmiy faoliyatiga doir tarixiy biografik ma’lumotlar, mustaqil ta’limni tashkil etish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar va hisob-grafik ishlari, uslubiy metodik qo‘llanmalar, monografiyalar ham kiritilgan. Internet sayti bilan ishlashning muhim jihatlaridan biri o‘rganilayotgan fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari hajmining kamligini to‘ldirish imkoniyatining yaratilganligidir.

Ushbu elektron o`qitish tizimidan Atom, yadro va elementar zarralar fizikasi bo‘yicha ma’lumotlar olishni xohlagan talabalar, o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar foydalanish mumkin. Elektron o`qitish tizimining taqdim etilayotgan sturukturasi boshlang‘ich qadam bo‘lib, kelgusida uning tuzilishini mukammal ko‘rinishga keltirish ko‘zda tutilgan. Shuning uchun ushbu elektron o`qitish tizimi bo‘yicha har qanday fikr va mulohazalar hamda takliflar uchun minnatdorchilik bildiramiz.